Eron havo hududining yopilishi munosabati bilan bir nechta reyslar Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Uzbekistan Airways aviakompan iyasining Toshkent — Jidda yo‘nalishidagi HY5343 reysi soat 6:18 da Toshkent aeroportiga qaytib qo‘ndi. Fly Dubai kompaniyasining Toshkent — Dubay yo‘nalishidagi FZ1942 reysi esa mahalliy vaqt bilan soat 6:37 da qo‘ndi.
Centrum Air’ning Toshkent — Doha yo‘nalishi bo‘yicha C63341 reysi uchish aeroportida kechiktirildi. Yo‘lovchilar vaqtinchalik terminalga joylashtirildi.
Shuningdek, Air Cairo aviakompaniyasining Olmaota — Sharm ash-Shayx yo‘nalishi bo‘yicha SM882 reysi (07:46) va Qatar Airways aviakompaniyasining Seul — Doha yo‘nalishi bo‘yicha QR8985 reysi (07:57) Toshkent aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.
Uzbekistan Airports parvozlar holati haqida batafsil ma’lumot olish uchun aviatashuvchiga murojaat qilish mumkinligini eslatib o‘tdi.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil kuchlari "Eron rejimining davom etayotgan tajovuziga javob" sifatida uning bir qancha harbiy obyektlariga, jumladan, yadroviy dasturi bilan bog‘liqlariga zarba berdi. Netanyahu "misli ko‘rilmagan" harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Mamlakatning havo hududi yopiq. Eron ham o‘z havo hududini yopgan.