AQSH prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Isroilning Eron bo‘yicha harbiy rejalari haqida oldindan xabardor bo‘lganini bildirdi. Biroq u Qo‘shma Shtatlar ushbu operatsiyada bevosita ishtirok etmaganini ta’kidladi. Bu haqda zamon.uz xabar berdi.
Trampning aytishicha, Vashington hozirda Tehron tomonidan ehtimoliy javob zarbasini kutmoqda va shu sababli AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) yuqori tayyorgarlik holatiga keltirilgan.
“Agar Eron javob qaytarsa, AQSH o‘zini va Isroilni himoya qiladi”, — deya qayd etdi prezident.
Tramp, shuningdek, Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligini qat’iy ta’kidlab, diplomatik muzokaralarga qaytish mumkinligini ham bildirdi: “Eron yadroviy bomba ololmaydi. Umid qilamizki, muzokaralar stoliga qaytamiz”, — dedi u.
Fox News jurnalisti Jennifer Griffinning so‘zlariga ko‘ra, prezident intervyuda Eronning yuqori martabali harbiy yetakchilari, jumladan, Eron inqilob qo‘riqchilari korpusi (IRGC) bosh qo‘mondoni general-mayor Xoseyn Salami halok bo‘lganini ham eslatib o‘tgan. Ushbu xabar Tehrondan tarqalgan bo‘lib, Eron rasmiylari hozircha bu haqda rasmiy tasdiq bermagan.
Tramp, shuningdek, so‘nggi kunlarda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan bir necha marotaba muloqot qilganini ma’lum qildi.
Bu bayonotlar Yaqin Sharqdagi geosiyosiy taranglik kuchayayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.