Xonanda Farrux Hamroyev shoirning she’ridan ruxsatsiz foydalangani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, xonanda farg‘onalik shoir Ismoiljon Babayevga tegishli “Ona yuring, hajga boramiz” nomli she’ridan muallifning ruxsatisiz foydalangan.
Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudiga yuborilgan.
Sudda xonanda qonunni buzgani aniqlanib, unga ayblangan moddasi bo‘yicha jarima jazosi tayinlangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, muallif huquqbuzardan bazaviy hisoblashning 20 baravaridan 1000 baravarigacha tovon puli talab qilishga haqli hisoblanadi.