AsosiyDunyo

“Rejim almashishi” – Eron uchun xavfmi?

Eronda hokimiyatga “Islom inqilobi muhofizlari korpusi” kabi kuchlar kelishi mumkin.

'“Rejim almashishi” – Eron uchun xavfmi?'ning rasmi

Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat faqat diplomatik bayonotlar bilan cheklanmayapti. So‘nggi kunlarda siyosiy maydonga tashlangan eng shov-shuvli bayonotlardan biri — Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning “Eron hukumati nihoyatda zaif, bu urush rejim almashishiga olib kelishi mumkin” degan gapi bo‘ldi.

AQSH prezidenti Donald Tramp esa bunga qo‘shilib, “Agar hozirgi rahbariyat Eronga buyuklik olib kela olmayotgan bo‘lsa, unda almashsin”, deya ochiqchasiga rejim almashinuvini qo‘llab-quvvatladi.

Ammo mutaxassislar bu fikrga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Chunki:

Birinchidan, Eronda hokimiyatga “Islom inqilobi muhofizlari korpusi” kabi kuchlar kelishi mumkin. Bu esa mamlakatning tashqi siyosatini yanada agressivlashtiradi.

Ikkinchidan, Eron Liviya yoki Iroq yo‘lini bosib o‘tishi, ya’ni parchalanib, mintaqani yangi xavf ostiga qo‘yishi ehtimoli ham yo‘q emas.

G‘arbda bu ssenariylar allaqachon ko‘rilgan. Iroqdagi 2003-yilgi, Liviyadagi 2011-yilgi intervensiyalar bugun ham Yaqin Sharqni larzaga solib turibdi.

Germaniyaning GIGA instituti direktori Ekkart Verts bu borada shunday deydi:

“Tashqaridan tugma bosib rejimni almashtirish — bu juda shubhali g‘oya. Va u kerakli yo‘nalishda ketadimi-yo‘qmi — bu allaqachon ikkinchi masala.”

Dunyo yangi inqiloblar, yangi urushlar emas, yangi tinchliklarga muhtoj. Ammo siyosatdagi keskin bayonotlar hamon qurol tovushlaridan ustun kelmayapti.

    Boshqa yangiliklar