Moskva viloyatidagi Ozarbayjon diasporasi rahbari Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi. Bu haqda Oxu. Az nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Elshan Ibrohimov yashash joyidagi politsiya idorasiga chaqirilib, uning Rossiya pasporti olib qo‘yilgan. Bu ma’lumotni Moskva viloyatidagi Ozarbayjonlarning mintaqaviy milliy-madaniy muxtoriyati rahbari telefon orqali tasdiqlagan.
Qaror nima bilan bog‘liqligi haqidagi savolga Ibrohimov javob bermagan, lekin bir necha kundan keyin, ona yurti Ozarbayjonga borgach, izoh berishini bildirgan.
RBK manbasiga ko‘ra, Ibrohimov 18 iyun kuni “Rossiya Federatsiyasi milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlar” sodir etganlik ayblovi bilan fuqarolikdan mahrum qilingan.
Bundan tashqari, Orenburg sudi ozarbayjonlik “kriminal avtoritet” Zaur Naxichevanskiyni (Shipilovni) kamida ikki oyga qamoqqa olishga qaror qildi, deb xabar bermoqda mahalliy Orenburg Media nashri. Unga nisbatan Rossiya Jinoyat Kodeksining 210.1-moddasi – jinoyat iyerarxiyasida eng yuqori mavqeni egallash bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Naxichevanskiy 1985 yilda Orenburgda tug‘ilgan, u Rossiya fuqarosi. Nashrning yozishicha, uning otasi – ozarbayjonlik “kriminal avtoritet” Bayram Talibov 2006 yilda Moskvada o‘ldirilgan.