Yerevan — Armaniston siyosiy muhitidagi keskinliklar yana parlament devorlariga ko‘chdi. Milliy Majlisning navbatdan tashqari yig‘ilishida hukmron “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi va muxolifatdagi “Armaniston” blokiga mansub deputatlar o‘rtasida yuzaga kelgan bahs ommaviy mushtlashuvga aylanib ketdi.
Mazkur voqea “24 News” telekanalining YouTube sahifasida jonli efirda namoyish qilindi.
Manbalarga ko‘ra, deputat Artur Sarkisyanga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish bo‘yicha muhokama paytida, u o‘z nutqida hibsga olinishi va daxlsizlikdan mahrum qilinishini “allaqachon hal bo‘lgan masala” deb atadi.
“Men bu vaqtni oilamga bag‘ishlashga qaror qildim. To‘rt farzandim va turmush o‘rtog‘im bilan cherkovga boramiz. So‘ngra o‘z xohishim bilan Tergov qo‘mitasiga yo‘l olaman,” — deydi u.
Parlamentdagi nutqini yakunlaganidan so‘ng zaldan chiqib ketayotgan Sarkisyanga hukmron partiya deputatlari og‘zaki va jismoniy tazyiq o‘tkazdi.
“Armaniston” fraksiyasi vakili Kristine Vardanyanning so‘zlariga ko‘ra, “Fuqarolik shartnomasi” deputati Vage Galumyan Sarkisyanning ortidan yugurib borib, unga orqadan hujum qilgan. Vaziyat shu qadar izdan chiqdi-ki, parlament raisi o‘rinbosari Ruben Rubinyanyig‘ilishga tanaffus e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Vardanyan, shuningdek, janjalda hukmron partiya deputatlarining yordamchilari ham ishtirok etganini ta’kidladi.
Bu voqea Armaniston siyosatida so‘nggi yillarda kuzatilayotgan institutsional zaiflik, ijtimoiy keskinlik va siyosiy qutblashuvning navbatdagi ifodasidir. Deputatlar o‘rtasidagi bunday ziddiyatlar nafaqat parlament obro‘siga, balki mintaqaviy barqarorlikka ham tahdid solishi mumkin.
Yaqin kunlarda Artur Sarkisyanning daxlsizlik maqomini yo‘qotishi va ehtimoliy hibsga olinishi kutilmoqda. Bu esa siyosiy jarayonlarda yangi bosqichni boshlab berishi ehtimoli bor.