AsosiyDunyo

Yun Sok Yol yana hibsda: Sud sobiq prezidentga qarshi yangi ayblovlar qo‘ydi

Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol harbiy holat e’lon qilgani sababli yana hibsga olindi.

'Yun Sok Yol yana hibsda: Sud sobiq prezidentga qarshi yangi ayblovlar qo‘ydi'ning rasmi

Janubiy Koreyada siyosiy mojaro yana avj oldi. Seul sudi mamlakat sobiq prezidenti Yun Sok Yolga qarshi ikkinchi bor hibsga olish orderi chiqardi. Bu safargi ayblovlar 2024 yil dekabrida e’lon qilingan qisqa muddatli harbiy holat bilan bog‘liq. Sobiq rahbar muxolifatni bostirish maqsadida bir necha soatlik favqulodda holat joriy qilgan edi.

Yun birinchi marta yanvar oyida hibsga olingan, ammo mart oyida qo‘yib yuborilgan edi. Biroq kecha, 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yetti soatlik sud majlisidan so‘ng, prokuratura tomonidan ilgari surilgan yangi ayblovlar asosida u yana tergov hibsxonasiga jo‘natildi.

Prokuratura sudda “Yun erkinlikda qolsa, dalillarni yo‘q qilishi mumkin” degan fikrni ilgari surgan. Sud esa bu da’voni ma’qulladi va sobiq prezidentga nisbatan hibsni uzaytirish qarorini chiqardi.

Yunga qarshi ilgari surilgan yangi ayblovlar qatorida:

— vakolatni suiiste’mol qilish,

— mansabdorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish,

— rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish holatlari mavjud.

Agar unga yangi rasmiy ayblovlar qo‘yilsa, Yun dastlabki sudgacha olti oy davomida hibsda qolishi mumkin.

Ma’lumot uchu, 2024 yil dekabrida Yun Sok Yol parlament bilan keskin qarama-qarshilikda bo‘lgan va mamlakatda bir necha soatlik harbiy holat e’lon qilgan. Ushbu harakat muxolifat tomonidan “qo‘zg‘olonga urinish” deb baholangan va unga qarshi impichment jarayoni boshlangan edi.

Yun bu harakatni “siyosiy jihatdan asosli” deb hisoblab, muxolifatni “hukumat ishini falaj qilganlikda” ayblagan.

Oradan ko‘p o‘tmay, 2025 yil iyun oyida o‘tkazilgan muddatidan oldin prezidentlik saylovlarida muxolifatdagi “Toburo” demokratik partiyasidan Li Chje Myon g‘alaba qozondi. U saylovda 49,4 foiz ovoz to‘plagan.

    Boshqa yangiliklar