Rossiya tashqi siyosatida muhim o‘rin tutgan diplomatlardan biri, Mixail Bogdanov endi rasman nafaqada. Vladimir Putin imzolagan farmonga ko‘ra, u Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha maxsus vakil hamda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etildi. Farmon Rossiyaning rasmiy huquqiy portalida e’lon qilindi.
Bogdanov 2014 yildan buyon Prezidentning maxsus vakili, 2011 yildan esa Sergey Lavrov rahbarligidagi Tashqi ishlar vazirligida o‘rinbosar sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
"Vaqt keldi"
Diplomat “Izvestiya”ga bergan izohida iste’foni shunday izohlagan:
“Vaqt keldi. Yosh, pensiya.”
“TASS” esa Bogdanov “yoshi sabab” bilan o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqish arizasini yozganini ma’lum qilgan. U joriy yilning mart oyida 73 yoshni qarshilagan. Rossiyada davlat xizmatining rasmiy pensiya yoshi odatda 65, ba’zida 70 yoshgacha uzaytirilishi mumkin.
Boy diplomatik tajriba
Mixail Bogdanov 1952 yilda Moskvada tug‘ilgan, MGIMO (xalqaro munosabatlar instituti)ni tamomlagan va 50 yildan ortiq diplomatik xizmatda bo‘lgan. U Rossiyaning Isroil (1997–2002) va Misrdagi (2005–2011) elchisi bo‘lib ishlagan, shuningdek, Arab davlatlari ligasidagi Rossiya vakili sifatida faoliyat yuritgan.
TIVdagi faoliyati davomida u Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bilan aloqalarni yuritdi, Suriyadagi mojaroni tartibga solish bo‘yicha Rossiya pozitsiyasini ilgari surgan diplomatlar safida edi.
Mukofotlar va e’tiroflar
Bogdanov faoliyati davomida bir nechta yuksak davlat mukofotlari — “Vatan oldidagi xizmatlari uchun”, “Aleksandr Nevskiy”, “Do‘stlik” kabi ordenlar bilan taqdirlangan.