Germaniya parlamenti binosida tashqi tomondan ko‘rinadigan LGBT ramzlari — xususan, kamalak bayroqlari — reglamentga zid deb topildi. Bu belgilarni olib tashlash haqida bir nechta deputatlarga, jumladan, Chap partiya a’zosi Stella Merendinoga ko‘rsatma berildi.
Bundestag reglamentining 4-moddasiga ko‘ra, bino ichida va tashqaridan ko‘rinadigan joylarda plakatlar, bayroqlar yoki boshqa belgilarni joylashtirish qat’iyan taqiqlangan. Taqiq faqat kamalak bayrog‘iga emas, balki Germaniya va Yevroittifoq bayroqlariga ham tegishli.
Avvalroq Bundestag raisi Yuliya Klyokner gey-prayd munosabati bilan Reyxstag ustiga kamalak bayrog‘i ko‘tarilishiga qarshi chiqqan, u faqatgina 17 may – Gomofobiyaga qarshi kurash kuni bayroq hilpiratilishini ma’qullagan edi.
Bu qarorga e’tiroz bildirgan deputatlar parlamentga kamalak ranglaridagi kiyimda kelishdi.