Rossiya Tashqi razvedka xizmati ma'lum qilishicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa davlatlaridagi hamkorlariga Ukraina Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyati hali ham saqlanib qolganini ko'rsatishga intilmoqda.
Shuningdek, Kiev Rossiya iqtisodiyoti va orqa front hududlariga sezilarli zarar yetkazish imkoniyati borligini namoyon qilishni maqsad qilgani aytilmoqda.
Razvedka ma'lumotlariga ko'ra, Ukraina Rossiya hududiga yangi turdagi hujumlar tayyorlamoqda. Xususan, dronlar yordamida amalga oshirilishi mumkin bo'lgan zarbalar uchun Boltiqbo'yi davlatlari hududidan foydalanish rejalashtirilgan.
Manbada ta'kidlanishicha, Kiev rasmiylari Latviya poytaxti Rigani Rossiyaga qarshi operatsiyalar uchun o'z hududidan foydalanishga ko'ndirishga uringan. Ayni paytda mazkur ma'lumotlar bo'yicha Latviya yoki Ukraina rasmiylaridan rasmiy izoh berilmagan.
So'nggi oylarda Rossiya va NATOga a'zo Boltiqbo'yi davlatlari o'rtasidagi keskinlik yanada kuchayib borayotgani kuzatilmoqda.





