Red Dot Award – bu dizayn va kommunikatsiya sohasida dunyo miqyosida tan olingan yetakchi mukofotlardan biridir. Turli yillarda ushbu eʼtirofga Apple, Ferrari, Philips, LG kabi global brendlar va sanoat yetakchilari sazovor boʻlib, ular bugungi kunda jahon dizayni va brending standartlarini shakllantirmoqda.
Bugun esa ushbu faxriy roʻyxatga Oʻzbekiston paviloni ham qoʻshildi – xalqaro sahnada mamlakatimizning madaniy merosi, ochiqligi va zamonaviy taraqqiyotini ifodalovchi noyob loyiha sifatida eʼtirof etildi.
Qayd etish kerak, Butunjahon “Expo Osaka 2025” koʻrgazmasida Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Barkaror rivojlanish maqsadlarining uch ustun yoʻnalishi: sifatli taʼlim, hamyonbop va toza energiya hamda sanoatlashish, innovatsiyalar va infratuzilma rejalariga muvofiq yurtimizdagi oʻzgarishlar jarayonini namoyish etuvchi “Bilimlar bogʻi” loyihasini taqdim etdi.
Oʻzbekistonning mazkur koʻrgazmada ishtirok etishi milliy yutuqlarni namoyish etish, sayyohlikni rivojlantirish, sarmoyalarni jalb qilish hamda xalqaro hamkorlik va madaniy almashinuvni kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.