Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi “R.K.B” MChJ rahbari B.R. jamiyatga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasida tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zbo‘shimchalik bilan ulanib, 1,6 mlrd so‘mlik (552 ming kub metr) tabiiy gazni talon-toroj qilgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbari B.R. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasining 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, “O‘zenergoinspektsiya”ning Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida Sayxunobod tumanida “D. P. T.” MChJ elektr qurilmalarini o‘zbo‘shimchalik bilan tarmoqqa ulab, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr ta’minoti korxonasiga 1 mlrd 609 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovgacha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.