AsosiyJamiyat

O‘qituvchilarni “remont”ga majburlagan direktor 41 million so‘m jarimaga tortildi

Andijonning Marhamat tumanida o‘qituvchilarni ta’mirlash ishlariga jalb qilgan maktab direktori lavozimidan ozod etildi.

'O‘qituvchilarni “remont”ga majburlagan direktor 41 million so‘m jarimaga tortildi'ning rasmi

Avvalroq 42-maktabda o‘qituvchilar majburan maktab ta’miriga jalb qilingani, ayrim pedagoglar hatto ta’til paytida devor suvoq qilishga majbur bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Holat yuzasidan Qashshoqlikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi surishtiruv o‘tkazdi.

Aniqlanishicha, maktab direktori Z.M. o‘z vakolatiidan foydalanib, pedagoglarni ta’mirlash ishlariga chiqarmagan taqdirda, ularga kam dars soati ajratilishini bildirgan. Ushbu harakat Mehnat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 2-qismiga zid deb topilib, unga 100 baravar BHM – ya’ni 41 million 200 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llandi.

Maktab 2023–2024 yillarda davlat mablag‘i evaziga ta’mirlanganiga qaramay, ta’mirlash ishlariga ustozlar jalb etilgani, ayrimlari mehnat ta’tilida bo‘lishiga qaramasdan maktabga chaqirilgani jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Tarqalgan videolarda ingliz tili, rus tili, matematika fanidan dars beruvchi ayol o‘qituvchilar devor suvlayotgani, stul-tanov tashiyotgani aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilishi qonunan taqiqlangan bo‘lib, bunday holatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar