Markaziy Osiyoda to‘yib ovqatlanmaslik darajasi 5 baravar kamaygan. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti xabar bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, ochlikni kamaytirishdagi eng yuqori sur’atlar 2019 yilgacha kuzatilgan, biroq bu progress COVID-19 pandemiyasi sababli to‘xtagan. 2020-2021 yillarda ochlikdan aziyat chekayotganlar soni 2,5 million kishiga yetgan.
Dunyo miqyosida esa to‘yib ovqatlanmaslik darajasi 2005 yildagi 12 foizdan 2023 yilga kelib 8,2 foizgacha tushgan.
Markaziy Osiyoda sog‘lom ovqatlanish uchun kunlik o‘rtacha xarajat (xarid qobiliyati pariteti asosida) 2024 yilda bir kishi uchun 3,78 dollarni tashkil etgan. 2019 yilda 3,10 dollar bo‘lgan xarajat 2023 yilda 3,81 dollarga chiqqan. Ammo 2024 yilda ilk bor pasayish qayd etilgan – 3,78 dollar.
Shunga qaramay, sog‘lom ovqatlanish hanuzgacha mintaqa aholisining 14 foizi uchun (taxminan 11,5 million kishi) imkonsizligicha qolmoqda.