O‘zbekistonda 1 sentyabrdan PPH bo‘linmalari yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnoma asosida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi pullik xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Ushbu qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan 30 iyul kuni qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 1 sentyabrdan boshlab yuridik shaxslar PPH bo‘linmalariga shartnoma-huquqiy asosda xizmatlardan foydalanish uchun YAIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.
PPH bo‘linmalari IIVning «Elektron patrul» tizimi orqali xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Yuridik shaxslar ushbu xizmatdan foydalanish uchun ariza berishlari kerak bo‘ladi. Belgilangan shakldagi ariza vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.
Jamoat joylarida jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida PPH bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar tariflari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.