Afgʻoniston sharqida 31 avgust kuni yuz bergan kuchli zilzila oqibatida halok boʻlganlar soni 1124 kishiga yetdi, 3251 kishi turli darajada jarohat oldi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Afgʻoniston Qizil Yarim Oy jamiyati maʼlumotlariga koʻra, tabiiy ofat oqibatida 8 mingdan ortiq uy butunlay vayron boʻlgan.
“Tolibon” harakati xalqaro hamjamiyatdan yordam soʻradi. BMT oʻzining Favqulodda vaziyatlarga javob berish jamgʻarmasi (CERF) orqali 5 million dollar ajratishini maʼlum qildi. Buyuk Britaniya 1 million funt sterling, Xitoy, Hindiston va Shveysariya esa insonparvarik yordamini koʻrsatishga vaʼda berdi.
Zilzila mahalliy vaqt bilan yarim tunda, Nandargʻhor viloyatining Jalolobod shahridan 27 km shimoli-sharqda, 6 magnitudali kuch bilan sodir boʻlgan. Uning oʻchogʻi taxminan 8 km chuqurlikda joylashgani aytilmoqda. Eng koʻp zarar koʻrgan hudud Kunar viloyati boʻlib, u yerda kamida uchta qishloq butunlay vayron boʻlgan. Shuningdek, Lagʻmon, Nuriston va Panjsher viloyatlarida ham katta zarar qayd etilgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish togʻli hududlardagi kuchli yomgʻirlar, koʻchki xavfi va vayron boʻlgan yoʻllar sabab sezilarli darajada qiyinlashmoqda. Halok boʻlganlar soni yanada oshishi mumkinligi haqida ogohlantirilmoqda.