Rossiya fuqarolari 15 sentyabrdan boshlab Xitoyga vizasiz tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Go Syakun ma’lum qildi.
Bildirilishicha, rossiyaliklar vizasiz ravishda 30 kungacha Xitoyda bo‘la oladi. Rejim bir yil amal qiladi, ya’ni u 2026 yil 14 sentyabrda bekor qilinishi yoki uzaytirilishi mumkin. Ushbu tartib sayyohlik, ishbiznes, qarindoshlarni ko‘rish va ayirboshlash dasturlari doirasida tashrif buyuruvchilarga taalluqli.
Ilgari rossiyaliklar Xitoyga faqat sayyohlik guruhlari orqali vizasiz bora olardi. Endi esa rossiyaliklar ilgari yopiq bo‘lgan hududlarga ham bora olishi mumkin, masalan, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonini. Ammo Tibetga sayohat qilish uchun avvalgidek maxsus ruxsatnoma talab etiladi. Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) bu qaror sayyohlar oqimini 30–40 foizga oshirishini kutmoqda.
“Xitoy ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga katta e’tibor qaratmoqda, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlamoqda, keng qamrovli strategik sheriklikni rivojlantirishga ijobiy hissa qo‘shmoqda... Biz yanada ko‘proq rossiyalik do‘stlarimiz Xitoyga tashrif buyurishlarini ma’qullaymiz”,— degan Go.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 31 avgust kuni Xitoyga to‘rt kunlik tashrif bilan bordi. U “Sinxua” agentligiga bergan intervyusida 2024 yil yakuniga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlik oqimi 2,5 barobarga oshib, 2,8 million kishiga yetganini aytdi.