AsosiyDunyo

Janubiy Koreya mamlakatdagi yolg‘iz keksalarga ChatGPT o‘rnatilgan qo‘g‘irchoqlar tarqatmoqda

Qo‘g‘irchoqlar suhbatdoshi bilan erkin muloqot qiladi, dori ichish va ovqatlanish kabilarni eslatib turadi.

'Janubiy Koreya mamlakatdagi yolg‘iz keksalarga ChatGPT o‘rnatilgan qo‘g‘irchoqlar tarqatmoqda'ning rasmi

Janubiy Koreyada yolg‘iz qolgan keksalarga psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida ChatGPT sun’iy intellekti o‘rnatilgan robot qo‘g‘irchoqlar berila boshladi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu qo‘g‘irchoqlar suhbatdoshi bilan erkin muloqot qiladi, dori ichish va ovqatlanish kabilarni eslatib turadi hamda maxsus sensorlari orqali egalarining sog‘lig‘ini kuzatib boradi, deb yozadi Rest of World nashri.

Mamlakat bo‘ylab yuzlab nafaqaxo‘rlar davlat tomonidan Hyodol nomli bunday qo‘g‘irchoqlarni olishgan. Hukumat ushbu tashabbus orqali keksalarning yolg‘izlik muammosini yengillashtirishni maqsad qilgan. 

Bu qaror Koreyada yuzaga kelayotgan demografik muammolar bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda mamlakatda tug‘ilish darajasi keskin pasayib, aholining aksariyat qismini o‘rta yoshlilardan ko‘ra ko‘proq keksalar tashkil etmoqda. Farzandlar va nabiralar esa ish va karyerani yo‘lga qo‘yish bilan band bo‘lib, ota-onalari bilan yetarli vaqt o‘tkaza olmayapti. 

Bundan tashqari, ijtimoiy parvarish tizimi ham nafaqaxo‘rlarni to‘liq qamrab ololmayapti. Bu sohadagi kadrlarning tanqisligi Janubiy Koreyada yana bir muammoni keltirib chiqarmoqda. Xususan, 2023-yilda mamlakatda 190 ming nafar keksalarni parvarish qiladigan xodim yetishmayotgani qayd etildi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, 2032-yilga borib bu raqam 1,55 millionga oshishi mumkin.

Shu sababli mahalliy hokimiyat organlari nafaqaxo‘rlarga Hyodol qo‘g‘irchoqlarini tarqatmoqda. Ularga o‘rnatilgan ichki mikrofonlar suhbatlarni yozib, ma’lumotlarni ijtimoiy xodimlarga yuboradi. Agar kutilmagan vaziyat yuz bersa, mutaxassislar tezkor choralar ko‘radi.

Yig‘ilgan barcha ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va maxsus bulut tizimida uch yilga arxivlanadi. Qo‘g‘irchoqlardagi sensorlar esa foydalanuvchining joylashuvi va xatti-harakatini kuzatib turadi. Bu esa qo‘g‘irchoqlarni sotib yuborilishning oldini oladi.

Hyodol kompaniyasi kelgusida xalqaro bozorga chiqishni ham maqsad qilgan. Rejaga ko‘ra, 2026-yildan boshlab AQSHda keng ko‘lamli ishlab chiqarish va savdo ishlari boshlanadi.

    Boshqa yangiliklar