Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Xitoy poytaxti Pekinda o‘tkazgan uchrashuvdan so‘ng favqulodda xavfsizlik chorasini ko‘rdi. Bu haqda Zamon.uz nashri ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ikki soatlik muzokaralardan keyin Shimoliy Koreya delegatsiyasi o‘z rahbarining har qanday biologik izlarini qoldirmaslik uchun barcha ehtiyot choralari qo‘llagan.
Xususan, uchrashuv davomida Kim Chen In foydalanilgan stakan, kreslo, stol va boshqa mebel buyumlari, hatto, havo orqali yetishi mumkin bo‘lgan zarrachalar ham maxsus xizmatlar tomonidan yig‘ishtirib olingan va dezinfeksiya qilingan.
Tahlilchilar fikricha, bunday keskin xavfsizlik protokoli xorijiy razvedka xizmatlarining KXDR yetakchisining sog‘lig‘i yoki genetik holati haqida ma’lumot to‘plashining oldini olishga qaratilgan. Bu kabi usullar avvalgi rahbar — Kim Chen Ir davrida ham keng qo‘llanilgan. Ularning asosiy maqsadi — har qanday biologik izlar, jumladan soch tolalari, teri zarrachalari yoki chiqindilar orqali KXDR yetakchisiga oid maxfiy tibbiy ma’lumotlar olinmasligidir.
Shuningdek, manbalarga ko‘ra, Shimoliy Koreya delegatsiyasi xorijiy safarlarda ko‘chma hojatxona, yopiq chiqindi idishlari va harakatlana oladigan dezinfeksiya tizimlarini ham olib yuradi. Bu esa Kim Chen In xavfsizligi va shaxsiy maxfiyligini ta’minlashning eng yuqori darajada amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.