Bugun, 8 sentabr kuni soat 16:00 da jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumani sudida diniy olim va blogger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ning sudi davom ettirildi. Bu haqda “Azon Global” ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, sudda qatnashish uchun qator jamoatchilik vakillari, jurnalistlar hamda Mubashshir Ahmadning yaqin qarindoshlari sud binosi oldida yig‘ilgan. Sudga kirayotganlardan ovoz yozish, tasvirga olish uskunalari hamda qo‘l telefonlarini topshirish so‘ralgan.
Oldingi sud majlisi joriy yilning 19 avgust kuni guvohlar kelmaganligi sababli 8 sentabrga qoldirilgan edi. Shunga qaramay, ikkinchi sud majlisida qatnashgan guvohlar ham qo‘yilayotgan ayblovlar uchun yetarli dalil keltira olmagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shu bois ham Mubashshir Ahmadga qo‘yilayotgan ayblovlar sirasidan “millatlararo nizo qo‘zg‘atish” ayblovi olib tashlangan.
O‘z navbatida guvohlardan birining da’vosi ham bekor qilingan. “Afsuski sud majlisi yana qoldirilib, 15 sentabrda davom ettiriladigan bo‘ldi. Bunga ustozni so‘roq qilishga vaqt yetmaganligi sabab qilib ko‘rsatilgan”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chora sifatida qo‘llangan.