Isitish mavsumida 1 million so‘m miqdoridagi bir martalik yordamni kimlar olishi aytildi. Bu haqda ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 134-qaroriga muvofiq 2025/2026 yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi toifadagi ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Bir martalik yordamni “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar, “Kambag‘al oilalar reestri”ga kiritilgan oilalar, “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi oilalar oladi.
Xabarga ko‘ra, “Mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda quyidagi toifaga kiruvchi oilalar inobatga olinadi:
boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
oilalar a’zolarida I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar;
nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan oilalar;
gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan va markazlashtirilgan isitish tizimi yo‘q bo‘lgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar;
bir xonadonda 3 va undan ortiq oila birgalikda yashovchi oilalar;
uzoq muddatli davolanishni talab etuvchi og‘ir kasallikka chalingan shaxslar yashaydigan oilalar;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar.