O‘zbekiston va Rossiya fuqarolariga ichki pasportdan foydalangan holda mamlakatga kirishga ruxsat berilishi kutilmoqda.
“Bu masala bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda va zaruriy ichki davlat tartib-taomillari o‘tkazilmoqda. Hozirda tomonlar ayrim jihatlar bo‘yicha kelishuv ishlari olib bormoqda. Shu bois buni amalga oshirishning aniq muddatlari haqida gapirishga hali erta”, deya ma’lum qilgan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati “Izvestiya” nashriga.
2025 yil may oyida O‘zbekiston Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolarining 30 kungacha bo‘lgan muddatga ichki hujjat yoki ID-karta orqali, bolalarning esa “kinder pasport” orqali mamlakatga kirishiga ruxsat berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi. Bunday topshiriq Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 15 mayda imzolagan mamlakatga sayyohlar oqimini keskin oshirish to‘g‘risidagi farmonida belgilangan.
Ayni paytda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida vizasiz rejim o‘rnatilgan. Rossiya fuqarolariga O‘zbekistonga kirishi uchun hozir chet el pasporti kerak bo‘ladi. Respublikaga 15 kundan ortiq muddatga kelgan rossiyaliklar mamlakatda bo‘lishning 15-kunidan kechiktirmay mehmonxonada yoki pasport idorasida yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga kirishi ham “qizil” pasport orqali amalga oshirilmoqda. Rossiyaga vaqtincha kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari davlat chegarasini kesib o‘tgan kundan boshlab 7 ish kuni mobaynida Rossiya IIV migratsiya masalalari bo‘yicha Bosh boshqarmasi hududiy bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. 2025 yil 30 iyundan boshlab vizasiz tartibda Rossiyaga kelayotgan chet el fuqarolari “Gosuslugi RuID” mobil ilovasi orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tishi va QR kod olishi kerakligi belgilandi.