Albaniya sun'iy intellekt asosida ishlaydigan vazir tayinlagan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. U piksellar va kodlardan tuzilgan, sun'iy intellekt orqali ishlaydigan virtual vazir. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Vazirning ismi “Diella” bo‘lib, bu alban tilida “quyosh nuri” degan ma’noni anglatadi. Albaniya bosh vaziri Edi Ramaning kecha, 11 sentabr kuni ma’lum qilishicha, u barcha davlat xaridlari uchun mas’ul bo‘ladi.
Kecha, 11 sentabr kuni Tiranada bo‘lib o‘tgan Sotsialistik partiya yig‘ilishida Rama qaysi vazirlar ishini davom ettirishi va qaysilar lavozimdan olinishini e’lon qildi. Shu bilan birga, u hukumatning yagona inson emas a’zosi – “Diella”ni ham tanishtirdi.
“Diella” – bu jismonan yo‘q, lekin sun'iy intellekt orqali virtual yaratilgan birinchi hukumat a’zosi”,— deydi u.
Ramaning aytishicha, tenderlar bo‘yicha qarorlar “vazirliklardan tashqari” chiqariladi va ular “Diella”ning qo‘liga o‘tadi. U “davlat xaridlari xizmatchisi” bo‘lib ishlaydi. Bosh vazirning aytishicha, jarayon “qadamma-qadam” amalga oshiriladi, ammo Albaniya tender jarayonidan o‘tadigan har bir davlat mablag‘i “100 foiz shaffof” va “100 foiz manfaatlardan xoli” bo‘ladigan mamlakatga aylanadi.
“Bu fantastika emas, balki “Diella”ning vazifasi”, — deydi u.
“Diella” allaqachon alban fuqarolariga tanish, chunki u mamlakatning “e-Albania” platformasini ishlatadi – bu platforma orqali aholi deyarli barcha davlat xizmatlaridan raqamli tarzda foydalanishi mumkin. Uning avatari ham bor: u milliy alban libosidagi yosh ayol ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
“Diella” tenderlarni baholaydi va “butun dunyodan istedodlarni jalb qilish” huquqiga ega bo‘ladi, shu bilan birga “ma’muriyatning mutaassiblik va qattiqqo‘llikdan kelib chiqadigan qo‘rquvini yo‘qotadi”.
Albaniya uzoq yillardan beri korrupsiyaga, ayniqsa, davlat ma’muriyati va davlat xaridlari sohasidagi muammolarga qarshi kurashib kelmoqda. Bu masala Evropa Ittifoqi tomonidan har yili tayyorlanadigan “huquq ustuvorligi” hisobotlarida ko‘p marta ta’kidlangan.
Edi Rama 2025 yil may oyida tarixiy tarzda to‘rtinchi marta saylovda g‘alaba qozondi. Uning asosiy va’dasi – 2030 yilgacha Evropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish.