Rossiyaning Vladivostok shahrida bir necha yoshlar o‘zbekistonlik migrantlarni kaltaklagani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik o‘smirlar migrantlarni do‘pposlab, ularning ustidan kulib, haqorat qilgani aks etgan videolar tarqalgandi. O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli Yusuf Qobuljonov holat aniqlangan zahoti fuqarolar bilan aloqa o‘rnatilib, huquqiy yordam ko‘rsatilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Vladivostok Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza va Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga usbu masala bo‘yicha barcha tegishli chorani ko‘rish zarurligi haqida notalar yuborilganini bildirdi.
Rossiya Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi axborotida keltirilishicha, bezorilik 10 sentyabrga o‘tar kechasi Vladivostok shahrining Xabarovsk ko‘chasida sodir etilgan. Buning ortidan 15 yoshli o‘smirlar va jinoyatning boshqa ishtirokchilariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ular spirtli ichimlik ta’sirida hech bir sababsiz to‘xtab turgan avtomobilga shikast yetkazib, uning saloniga aerozol ballonchasini purkagan. Shundan so‘ng do‘konga mahsulot olib kelgan yuk mashinasi haydovchisiga hujum qilgan. Do‘konga bostirib kirib, xaridorlar va sotuvchining ko‘z o‘ngida bir erkakni kaltaklagan. So‘ngra ular taksi haydovchisi va salondagi yo‘lovchiga ham tashlangan.
Gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan bo‘lib, ulardan biri qo‘lga olingan, yana ikkitasi qidiruvga berilgan. O‘smirlar avval ham bezorilik qilgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sentyabr oyining boshida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik migrantni Rossiya fuqarosi “sen ruslarning qulisan” deb tahqirlagani aks etgan video tarqalgandi. Usbu holat yuzasidan ham Rossiya TIVga nota yuborilgan.