Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In uchuvchisiz uchish apparatlari uyushmasi tomonidan ishlab chiqarilgan yangi turdagi dronlarning sinov jarayonlarini shaxsan kuzatdi. Sinovlar davomida strategik va taktik razvedka, shuningdek, ko‘p maqsadli dronlarning jangovar qo‘llanilishi sinab ko‘rildi.
Rasmiy axborotga ko‘ra, “Geumsong” seriyali taktik hujumchi dronlar yuqori samaradorlik ko‘rsatgan. Kim Chen In zamonaviy urushlarda dronlarning tutgan o‘rni haqida gapirar ekan, sun’iy intellekt va operatsion imkoniyatlarni jadallik bilan rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Avvalroq Shimoliy Koreya mustahkamlangan kompozit materialdan tayyorlangan, qattiq yoqilg‘i bilan ishlaydigan raketa dvigatelini ham sinovdan o‘tkazgan edi. O‘sha sinovni ham Kim Chen In shaxsan kuzatgan.