AQSh hukumati Green Cardga o‘xshash xorijiy fuqarolarga mamlakatda yashash huquqini tezlashtirgan tartibda beradigan "Trump Gold Card" (“Trumpning oltin kartasi”) dasturini ishga tushirdi. 19 sentabr kuni Donald Trump bu boradagi yangi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, ushbu dastur AQShga “juda muvaffaqiyatli” va “juda samarali” insonlarni jalb qilishga qaratilgan. “Ular bu yerga kelish uchun katta mablag‘ sarflaydi”, dedi u. Prezidentning fikricha, dastur mamlakatga milliardlab dollar olib kiradi, bu mablag‘lar soliqni kamaytirish, davlat qarzini to‘lash va boshqa foydali ishlarga yo‘naltiriladi.
Yangi dastur AQShni qo‘llab-quvvatlashga tayyor, 1 million dollar to‘lashga rozi va yuqori malaka yoki qobiliyatga ega xorijiy fuqarolar uchun yangi turdagi viza nazarda tutadi. Shuningdek, AQSh kompaniyalari ham o‘zining xorijlik xodimiga tezlashtirilgan tartibda yashash huquqi olish uchun hukumatga 2 million dollar to‘lashi mumkin.
Dastur saytida yana bir variant mavjud: 5 million dollar to‘lagan xorijiy fuqaroga Trump Platinum Card (“Trump platina kartasi”) beriladi. Ushbu kartaga ega bo‘lgan shaxslar AQShdan tashqarida olgan daromadlari uchun AQShda soliq to‘lashdan ozod qilinadi.
AQSh savdo vaziri Govard Latnikning ta’kidlashicha, dastur mamlakatga “yangi biznes ochadigan va amerikaliklar uchun ish o‘rinlari yaratadigan” insonlarni jalb qiladi. Unga ko‘ra, ushbu dastur orqali AQSh byudjetiga 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ kelib tushadi.
Shu kuni Trump yana bir farmon imzoladi. Unga ko‘ra H-1B turidagi maxsus vizalar berish qoidalari o‘zgartirildi. Ushbu vizalar AQSh kompaniyalariga boshqa davlatlardan yuqori malakali mutaxassislarni ishga olish imkonini berardi. Endi esa kompaniyalar xorijiy mutaxassisni olib kelmoqchi bo‘lsa, davlatga 100 ming dollar to‘lashi shart. Ma’muriyat bu o‘zgarishlar amerikaliklarni ishga olish va ularni o‘qitishga ko‘proq undaydi, deb hisoblamoqda.