23 sentyabr kuni Turkiyaning Amasya viloyatida mamlakatning eng keksa fuqarosi — 127 yoshli Oysha Bayri vafot etdi. Bu haqda “Medya gazete” xabar berdi.
Onahon umr davomida Usmonli imperiyasining so‘nggi 3 podshohi (Abdulhamid II, Mehmed V, Mehmed VI) va Turkiya Respublikasi prezidentligiga kelgan 12 rahbar, jumladan, Mustafo Kamol Ota turkdan tortib Rajab Toyyib Erdo‘gangacha bo‘lgan davrni boshdan kechirdi.
Oysha Bayri 1898 yil 1 iyulda tug‘ilgan bo‘lib, 5 farzand va 20 nabiraning buvisi edi. Nafas qisishi va organ yetishmovchiligi sababli shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. Unga “Hoji Mustafo” masjidida janaza o‘qilib, Suluova tuman qabristoniga dafn qilindi.
Marasimda qatnashgan tuman hokimi Oysha onani “mintaqaning eng keksasi” deb atab, oilasiga hamdardlik bildirdi. Eslatib o‘tamiz, yaqinda Farg‘onada 1895 yilda tug‘ilgan Huwaydo Umarova (Toshmatova)ning tug‘ilganlik faktini sud belgilagandi. Shu tariqa u O‘zbekistondagi eng yoshi ulug‘ inson deb tan olingan.






