Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida hokim yordamchisi mansab vakolatidan foydalanib, fuqaroni aldab, unga yer olish evaziga 29 million so‘m talab qilgani aniqlandi. Bu haqda DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va IIB xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir davomida ma’lum bo‘ldi.
U tuman hokimligi zahirasidagi 2,5 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 30 yilga ijara asosida rasmiylashtirishni va’da qilgan.
Pulni olayotgan vaqtida hokim yordamchisi daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Tekshiruv davomida u bu pullarni “O‘zdavloiha” institutining “Survilerloiha” bo‘linmasi muhandisi va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi sho‘ba boshlig‘iga topshirishi kerakligi aniqlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu ikki mansabdor ham pul olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining: 168-moddasi (Firibgarlik), 211-moddasi (Pora berish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.