AsosiyDunyo

Yevropa mamlakatlari jahannam tomon ketmoqda — Trump

AQSH rahbari Yevropa mamlakatlarini keskin tanqid qildi.

'Yevropa mamlakatlari jahannam tomon ketmoqda — Trump'ning rasmi

AQSh prezidenti Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida Yevropa mamlakatlarini keskin tanqid qilib, ular ommaviy va noqonuniy migratsiya oqibatida "jahannam tomon ketmoqda", deb bayonot berdi. Bu haqda Zamon.uz habar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qit‘ani migrantlar to‘lqini qamrab olgan va hech kim bu jarayonni to‘xtatish uchun jiddiy chora ko‘rmayapti.

Tramp London misolida shahar butunlay o‘zgarganini, ayrim kuchlar esa hatto shariat qonunlarini joriy etishga intilayotganini ta’kidladi.

U, shuningdek, migrantlar G‘arbning yaxshiliklariga zoravonlik va qotillik bilan javob qaytarishini aytib, har bir davlat o‘z chegarasi va madaniyatini himoya qilish huquqiga ega bo‘lishi zarurligini bildirdi. Prezident nasroniylik eng ko‘p ta’qib etilayotgan dinlardan biri ekanini eslab, G‘arbning o‘ziga xos qadriyatlarini himoya qilishga chaqirdi.

Tramp iqlim o‘zgarishi masalasiga ham to‘xtalib, buni "barcha davrlardagi eng katta yolg‘on" deb atadi va "yashil energetika"ni haddan tashqari qimmat hamda samarasiz afsona sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, Yevropa havoni toza qilish uchun zavodlarni yopib qo‘ygan bir paytda, boshqa davlatlar okean va havoga tonnalab chiqindilar tashlamoqda.

Amerika rahbari BMTni ham tanqid qilib, tashkilot muammolarni hal etmasdan, balki yangilarini yaratayotganini, jumladan noqonuniy migrantlarni tinch mamlakatlarga kirishini moliyalashtirayotganini bildirdi. Shu bilan birga, u AQShdagi noqonuniy migrantlarni hayvonlarga qiyosladi.

Tramp Ukrainadagi mojaroni esa AQShning avvalgi rahbariyati xatolari bilan bog‘ladi va Yevropa mamlakatlariga murojaat qilib, ular Rossiyaga qarshi kurash olib borish bilan bir vaqtda uning energetik resurslarini xarid qilishda davom eta olmasligini, bu "xiyonat" sifatida baholanishi mumkinligini ta’kidladi. U Xitoy va Hindiston Rossiya bilan iqtisodiy aloqalari orqali Ukrainadagi urushni moliyalashtirayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Shu bilan birga, prezident AQShning xalqaro hamkorlikka ochiq ekanini bildirib, "Biz birgalikda xavfsiz va farovon dunyo qura olamiz", dedi. U nutqini o‘z uslubida yakunlab, "Men doimo haqman, voqealarni oldindan ko‘ra olaman. Menda ‘Tramp hamma narsada haq’ deb yozilgan kepka bor", deya qo‘shimcha qildi.

    Boshqa yangiliklar