Olimlar salbiy yangiliklarni tinimsiz o‘qish ("dumskrolling") organizmning tahdidlarga javob reaktsiyasini o‘zgartirib, tashvish, charchoq va hatto PTSR alomatlari xavfini kuchaytirishini aytdi.
Ma’lum qilinishicha, cheksiz yangiliklar oqimidagi vahimali sarlavhalar va zoravonlik tasvirlari nafaqat kayfiyatni buzadi, balki miyaning ishlashini ham o‘zgartiradi. Organizm "urish yoki qochish" rejimiga o‘rganib qoladi, bu esa stress tizimining buzilishiga va ruhiy salomatlikning yomonlashishiga olib keladi.
"Biz evolyutsion jihatdan tahdidlarni payqashga moslashganmiz. Ming yillar oldin bu yirtqichlardan qutulishga yordam bergan bo‘lsa, bugun xavotirli sarlavhalarga e’tibor qaratishga undamoqda", deydi Kaliforniya universiteti psixologi E. Elison Holman.
Olimlar ta’kidlashicha, doimiy salbiy xabarlar oqimi sababli stress tizimi tiklanishga ulgurmaydi. Vaqt o‘tishi bilan bu holat odatiy mashg‘ulotlarga qiziqishni pasaytiradi, tashvish va umidsizlikni kuchaytiradi.
Tadqiqotchi Roxana Koen Silver bu zararli ta’sirni ilk bor 1999 yilda "Kolumbayn" maktabidagi fojia ortidan sezgan. Keyinchalik u buni 11 sentyabr teraktlari oqibatlari bo‘yicha uzok muddatli tadqiqotida isbotladi: yangiliklarni ko‘proq kuzatgan odamlar ko‘proq sog‘liq muammolaridan shikoyat qilgan.