DXX axborot xizmati bergan xabarga ko‘ra, Jizzax viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudi sudya yordamchisi xizmat mavqeidan foydalangan holda Mirzacho‘l tumanida yashovchi ayolning ishonchiga kiradi.
Xususan, uni turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro ajrimini tezlashtirib, er-xotin o‘rtasidagi mol-mulkning bir qismini olishida yordam berish evaziga 300 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u o‘zining xizmat xonasida so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda sudya yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.






