Mamlakatda joriy yilning 2 oktyabridan boshlab O‘zbekiston havo hududida ikki yangilik amalga kiritildi. Bu haqda «O‘zaeronavigatsiya» DUK matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, endilikda O‘zbekiston havo hududi UT kodi bilan emas balki UZ kodi bilan faoliyat yuritadi hamda yagona mutlaq balandlik va yagona o‘tish esheloni ham belgilab qo‘yildi.
Yangi kod O‘zbekistonga tegishlilikni ko‘rsatadi hamda turli chalkashliklarni bartaraf etib, ma’lumotlarni yanada aniq, ishonchli va xalqaro raqamli tizimlar bilan moslashuvchan qiladi. U (ICAO) standartlariga to‘liq javob beradi va soha raqamli transformatsiyasiga xizmat qiladi.
«Bu esa aeronavigatsiya ma’lumotlari tezroq yangilanishini, yanada qulay, aniq va xavfsiz bo‘lishini anglatadi», — deyiladi «O‘zaeronavigatsiya» ma’lumotida.
Bundan tashqari, o‘tish mutlaq balandligi 13 000 fut etib belgilandi, o‘tish esheloni esa 150 darajada o‘rnatildi. Bu pilotlar va dispetcherlar ishini yengillashtiradi, radioaloqa seanslari hamda protseduralar sonini kamaytiradi, havo harakatini boshqarishni yanada aniqroq qiladi.
Ushbu texnologiyalar parvozlarni nafaqat xavfsizroq, balki iqtisodiy jihatdan ham samarali qiladi, yoqilg‘i sarfini va atrof-muhitga chiqindilarni kamaytiradi.
«Qabul qilingan choralar nafaqat O‘zbekistonning jahon aviatsiya tizimidagi nufuzini mustahkamlaydi, balki uning havo hududini xalqaro aviakompaniyalar uchun yanada qulay va jozibador qiladi. Eng muhimi — bu o‘zgarishlar parvozlar xavfsizligini oshirishga qaratilgan», — deyiladi xabarda.