Xitoyning Venchjou shahrida o‘tkazilgan sud jarayonida “Ming” oilasi deb nom olgan yirik transmilliy jinoyat guruhining a’zolariga hukm o‘qildi. Xitoy davlat teleradiokorporatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 39 nafar shaxs turli og‘ir jinoyatlar uchun javobgarlikka tortiladi, deyilmoqda "zamon.uz".
Tergov materiallariga ko‘ra, “Ming” oilasi 2015 yildan beri Myanmaning Laukaing shahrida joylashgan firibgarlik markazlarini boshqarib kelgan. Ular noqonuniy qimorxona faoliyati, onlayn firibgarlik, narkotik moddalar savdosi va odam savdosi bilan shug‘ullangan.
Jinoyat tarmog‘ining noqonuniy daromadi 10 milliard yuandan (taxminan 1,4 milliard AQSh dollaridan) ortiq bo‘lgan. Laukaingdagi “Crouching Tiger Villa” nomi bilan tanilgan markazlarda 10 mingdan ortiq ishchi faoliyat yuritgan, ularning aksariyati majburiy mehnat va zo‘ravonlik qurboniga aylangan.
Sud qaroriga muvofiq, “Ming” oilasi a’zolariga quyidagi jazolar tayinlandi:
11 nafariga – o‘lim jazosi;
5 nafariga – kechiktirilgan o‘lim jazosi (2 yil muddat bilan);
11 nafariga – umrbod qamoq;
12 nafariga – 5 yildan 24 yilgacha ozodlikdan mahrum etish.
“Ming” oilasi Myanmada eng ta’sirli jinoyiy guruhlardan biri sifatida tanilgan. 2023 yilda Myanma hukumati qidiruvdagi a’zolarning bir qismini Xitoy huquq-tartibot organlariga topshirgan. Oila yetakchisi Ming Syuechan hibs paytida joniga qasd qilgani aytiladi.
Xitoy hukumati tomonidan bunday jinoyat tarmoqlariga qarshi ko‘rilayotgan qat’iy choralar xalqaro miqyosda e’tibor qozonmoqda. Pekin bosimi ostida Tailand ham Myanma bilan chegaradosh hududlardagi noqonuniy markazlarga qarshi kurashni kuchaytirgan. Biroq, BMT ma’lumotiga ko‘ra, ayrim tarmoqlar faoliyatini Kambodja kabi boshqa davlatlarda davom ettirmoqda.
BMT bunday tuzilmalarni “firibgarlik fabrikalari” deb atab, Xitoyning “Ming” oilasiga nisbatan keskin choralarini jinoyatchilikka qarshi murosasiz siyosatning namunasi sifatida baholadi.