Joriy yilning 21 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi 7-maktabda ingliz tili o‘qituvchisi 3-sinf o‘quvchilarining peshonasi va yuziga “ikki” baho qo‘yib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, usbu holat bo‘yicha shu kunning o‘zida Olmaliq shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganishlar natijasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat o‘z tasdig‘ini topgan. O‘qituvchi dars tayyorlamagan o‘quvchilarni jazolash maqsadida mazkur holatni sodir etgani aniqlangan.
Bildirilishicha, o‘qituvchining yoshligi va tajribasizligi hamda qilgan ishidan pushaymonligi sababli tushuntirish xati asosida unga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.