Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, hayotning muhim voqealarida fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida bir martalik nafaqa to‘lovlari yo‘lga qo‘yilgan. Bunday to‘lovlar orasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun suyunchi puli hamda dafn etish nafaqasi ham bor.
2025 yil sentyabr oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan jami 40 ming 611 nafar fuqaroga 47,9 milliard so‘m miqdorida bir martalik nafaqa to‘lovlari amalga oshirildi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 28 ming 700 dan ortiq ota-onalar jami 25,6 milliard so‘m miqdorida suyunchi nafaqasi olgan. Shuningdek, 11 ming 800 ga yaqin fuqaro uchun 22,3 milliard so‘m miqdorida dafn etish nafaqasi to‘lab berilgan.
Suyunchi nafaqasi — bola tug‘ilgandan keyin 6 oy ichida beriladigan bir martalik to‘lov bo‘lib, uni bolaning otasi yoki onasi "Xalq banki"ning istalgan filialiga murojaat qilib yoki "Xazna" mobil ilovasi orqali olishlari mumkin. Agar oila "Ijtimoiy himoya yagona reestri"da ro‘yxatda bo‘lsa, ikkinchi farzand uchun ham suyunchi puli beriladi.
Dafn etish nafaqasi esa FYeDYo bo‘limidan o‘lim haqidagi guvohnoma olgan shaxsga to‘lanadi. Mablag‘ni "Xalq banki" orqali yoki "Xazna" ilovasi yordamida olish mumkin. Biroq murojaat 60 kundan kechikib qilinsa yoki fuqaro muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, nafaqa to‘lash rad etiladi.
Ma’lumot uchun, hozirda suyunchi nafaqasi – 893 ming so‘m, dafn etish nafaqasi – 1 million 884 ming so‘mni tashkil etadi.