Buyuk Britaniyaning Krouboro shahrida yashovchi 65 yoshli Deniz Bekon operatsiya vaqtida klarnet chaldi. Ushbu jarayonda shifokorlar uning bosh miyasiga elektrik impulslari ta'sirini kuzatishlari mumkin bo'lgan. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Bekon nafaqadagi nutq va til terapeuti bo'lib, harakatning sekinlashuvi va mushak qotishlari kabi simptomlar tufayli chuqur miya stimulyatsiyasi (DBS) amaliyotidan o'tgan. Parkinson kasalligiga 2014 yilda chalingan bemorning yurish, suvda suzish, raqsga tushish va klarnet chalish qobiliyati pasaygan. To'rt soatlik operatsiya davomida u uyqusiz bo'lgan. Uning faqat boshi va terisining sezgirligi anesteziya yordamida yo'qotilgan. Operatsiya miyaga elektrodlarni implantatsiya qilish orqali o'tkazilgan. Elektrodlar joylashtirilgandan so'ng Bekonning barmoq harakati darhol yaxshilangan va klarnetni osonlik bilan chala boshlagan.
Neyrojarrohning aytishicha, elektrodlar joylashtirilgandan so'ng Denizning qo'l harakatlari darhol yaxshilangan va qo'lida ham shu kabi natija kuzatilgan. U operatsiyaga musika chalish qobiliyatini sinash uchun o'z klarnetini olib kelgan.
“Harakatlarim darhol engillashdi va bu klarnetni chalish qobiliyatimni yaxshiladi. Yurish ham osonlashdi, suvga qaytish va raqsga tushish qobiliyatimni sinashni kutayapman”, — deydi u.
Bekon operatsiya uchun quvvatlanadigan impul's generatorini tanlagan. U bemorning ko'kragiga o'rnatiladi va 20 yilgacha ishlaydi. Qurilma miya faoliyatini nazorat qiladi va zarur bo'lganda avtomatik ravishda stimulyatsiyani boshqaradi.