Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 2005 yilda tug‘ilgan yigit internetda ayollar nomidan bir necha profil ochib, firibgarlik qilgani uchun qo‘lga olindi.
U savdo platformalarida soxta e’lonlar joylashtirib, Iphone rusumidagi telefonlarni arzon narxda sotish bahonasida odamlardan oldindan pul olgan va mablag‘larni boshqa shaxslarga tegishli bank kartalari orqali o‘tkazib yuborgan.
Toshkent viloyati IIBning ma’lum qilishicha, tergovda ushbu shaxs tomonidan 8 ta shu kabi jinoyat aniqlangan.
Gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi "b, g" bandlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.






