Serbiya Superligasining 14-turidan o‘rin olgan “Mladost Luchani” — “Radnichki 1923” uchrashuvi vaqtida fojiaviy holat sodir bo‘ldi. Kraguevas klubi bosh murabbiyi, bosniyalik mutaxassis Mladen Jijovich o‘yin davomida vafot etdi. Bu haqda Zamon.uz ma’lum qildi.
Fojia uchrashuvning 22-daqiqasida, “Radnichki 1923” 2:0 hisobida oldinda borayotgan paytda yuz bergan. Murabbiy o‘yin zonasida o‘zini yomon his qilgan va hushidan ketgan. Tibbiyot xodimlari darhol yordam ko‘rsatib, uni hushiga keltirishga harakat qilishgan. Jijovich tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilgan, ammo yo‘lda uning joni uzilgan.
Guvohlarning aytishicha, murabbiy og‘ir holatda yerga yiqqilgan va shifokorlar kelganda u deyarli nafas olmayotgan bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Jijovich oldin yurak bilan bog‘liq sog‘liq muammolariga duch kelgani taxmin qilinmoqda, biroq rasmiy sabab hali e’lon qilinmadi.
Jijovichning vafoti haqida xabar o‘yin davomida stadionga ma’lum qilindi. Bu esa futbolchilar va murabbiylar shtabini qattiq ruhiy zarbaga uchratdi.






