“Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga binoan, tibbiyot tizimida mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va motivatsiyasini oshirish maqsadida yangi tartib joriy etiladi.
Dam olish va bayram kunlarida sog‘liqni saqlash tizimining uzluksiz ishlashi uchun navbatchilik saqlanib qoladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan tibbiyot xodimlari uchun bir qator yangi imtiyozlar belgilanadi. Jumladan, 15 yildan ortiq stajga ega xodimlarning farzandlari uchun oliy ta’lim kontrakt to‘lovining 30 foizi davlat tomonidan qoplanadi, ular sanatoriyalarda bepul dam olish yo‘llanmalari bilan ta’minlanadi.
Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ishlagan 500 nafar xodim uy-joy bilan ta’minlanadi, ipoteka uchun dastlabki to‘lovning 25 foizi esa davlat tomonidan qoplab beriladi.
Har yili “Eng yaxshi shifokor” va “Eng yaxshi tibbiyot muassasasi rahbari” nominatsiyalari bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi. G‘olib shifokorlarga 30 million so‘mgacha, muassasalarga esa 500 million so‘mgacha mukofot beriladi.
2026 yildan boshlab akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot muassasalari xodimlariga lavozim maoshining 10 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Ilmiy maqolalar chop etish xarajatlari ham davlat tomonidan to‘liq qoplanadi.
Mazkur dasturlarni amalga oshirish uchun har yili 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.






