“Associated Press”ning xabar berishicha, 10 noyabr kuni Fort-Loderdeyl shahri yaqinidagi Coral Springs turarjoy hududida kichik turbovintli samolyot hovuzga qulagan. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, ammo samolyot uylarga shikast yetkazmagan.
Coral Springs politsiyasi qurbonlar borligini tasdiqlagan, lekin samolyot ichidagi shaxslar haqida ma’lumot oshkor etmagan. Favqulodda xizmatlar voqea joyiga yetganidan so‘ng qutqaruv ishlari olib borilgan, keyinchalik operatsiya “jasadlarni qidirish” bosqichiga o‘tgan.
1976 yilda ishlab chiqarilgan “Beechcraft King Air” samolyoti Fort-Loderdeyl Ijroiya aeroportidan soat 10:14 da uchgan va bor-yo‘g‘i 5 daqiqa o‘tib, Coral Springs hududida qulagan.
Ma’lumot uchun, Yamaykada oktyabr oyida “Melissa” bo‘roni 120 mingdan ziyod binoga zarar yetkazgan va 90 mingga yaqin oila uy-joysiz qolgan. Samolyot aynan shu bo‘ron oqibatlarini yumshatish uchun gumanitar yordam olib ketayotgani aytilmoqda.






