Endilikda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘z nomiga shaxsiy bank kartasi ochishi mumkin.
Adliya vazirligi bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishiga oid yangi tartiblarni belgilovchi buyruqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi hujjat bilan bank kartalarining turlari kengaytirildi.
Endilikda:
Biznes bank kartasi — yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga o‘z hisobidagi mablag‘larni boshqarish imkonini beradi;
Ijtimoiy bank kartasi — turli ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, oldindan emissiya qilinadigan bank kartalarini chiqarish va ularni mobil ilovalar orqali foydalanuvchini identifikatsiya qilgan holda aktivlashtirish tartibi joriy etildi.
Eng muhim yangilik — 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar endi mustaqil ravishda shaxsiy bank kartasini ochishi mumkin. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa ota-onalari yoki qonuniy vakilining yozma roziligi asosida bank kartasiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, yangi tartibga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Markaziy bankning so‘nggi tadqiqotlariga ko‘ra, aholining naqd puldan foydalanish darajasi hududlar bo‘yicha farq qilsa-da, elektron to‘lovlarga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortib bormoqda.






