AsosiyDunyo

Shveysariya Trumpni qimmatbaho sovg'alar bilan rozi qildi

Bozlarda 39 foizdan 15 foizgacha tushirildi.

'Shveysariya Trumpni qimmatbaho sovg'alar bilan rozi qildi'ning rasmi

Shveytsariya AQSh prezidenti Donald Trump bilan munosabatlarni yumshatish va mamlakatga nisbatan joriy etilgan yuqori bojlarni kamaytirish uchun misli ko‘rilmagan taktikadan foydalandi. "Axios" yozishicha, sanoat yetakchilaridan iborat maxsus delegatsiya Vashingtonga borib, Trumpka Rolex stol ustı soati va 1 kilogrammlik oltin quymasi sovg‘a qilgan. Quyma ustiga Trumpning prezidentlik tartib raqamlari — 45 va 47 raqamlari o‘yib yozilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sovg‘alar 4 noyabr kuni Oq uyda o‘tgan uchrashuvda topshirilgan va Trumpning o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan. U uchrashuvdan so‘ng delegatsiyani maqtab, ular bilan savdo va savdo nomutanosibligi masalalarini muhokama qilganini aytgan.

Trump 2025 yil avgust oyida Shveytsariya va yana 64 davlatga nisbatan yuqori bojlar joriy qilgan edi. Shveytsariya uchun bu ko‘rsatkich 39 foizni tashkil etgan — Yevropadagi eng yuqori bojlardan biri. Bojlar e’lon qilinishidan bir kun oldin Shveytsariya prezidenti Karin Keller-Zutter Trumpga qo‘ng‘iroq qilgan, ammo suhbat "juda yomon" kechgani bildirilgan.

Shundan so‘ng Shveytsariya diplomatik yondashuvni o‘zgartirib, biznes yetakchilari orqali muloqot qilishga qaror qilgan. Delegatsiya tarkibida MKS SA, Rolex, Richemont va Mercuria kabi yirik kompaniyalar rahbarlari bo‘lgan.

Oq uy rasmiylari xabar berishicha, Trump sovg‘alarni shaxsiy emas, Prezident kutubxonasi nomidan qabul qilgan — bu AQSh qonunlariga zid emas. Qonunga ko‘ra, prezident 480 dollardan qimmat shaxsiy sovg‘alarni o‘zida saqlab qolishi mumkin emas.

O‘tkazilgan muzokaralar o‘z samarasini berdi: 14 noyabr kuni AQSh Shveytsariya mahsulotlariga qo‘yilgan bojlarni 39 foizdan 15 foizga tushirdi. Bunga javoban, Shveytsariya o‘z savdo to‘siqlarini yumshatish va AQShga investitsiyalar oshirishga rozilik bildirgan.

    Boshqa yangiliklar