Adliya vazirligi 21 noyabr kuni inson a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish uchun retsipientlar va donorlarga tibbiy xulosa berish tartibini nazarda tutuvchi nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Hujjatda transplantatsiya uchun zarur tibbiy tekshiruvlar, rozilik tartibi va operatsiyaga ruxsat berish mexanizmi belgilandi.
Nizomga ko‘ra, retsipient va tirik donor notarial tasdiqlangan rozilikdan keyin 3 oy ichida to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tadi.
Transplantatsiyaga ruxsat berish 2024 yil 333-son qarorda ko‘rsatilgan ro‘yxatdagi 13 ta davlat tibbiyot muassasasining tibbiy konsiliumi tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiy konsilium retsipientga operatsiya zarurligi, donorga esa transplantatsiyaga layoqatliligi haqida xulosa chiqaradi. Agar amaliyot sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazish ehtimoliga ega bo‘lsa — xulosa berish rad etiladi.
Shuningdek, transplantatsiyaga tayyorlash, operatsiyadan keyingi reabilitatsiya va kuzatuv tartiblari ham tasdiqlandi. Tibbiy xulosani olganidan keyin retsipient va donor 10 kun ichida notariusga murojaat qiladi.
Operatsiya arafasida shifokor ulardan asoratlar haqida xabardorlik va majburlanmaganlik to‘g‘risida yana bir bor yozma va videofiksatsiya qilingan rozilik oladi.
Transplantatsiyadan keyin retsipient va donor tibbiyot muassasasida sog‘lig‘idan kelib chiqib 21 kungacha reabilitatsiyada bo‘ladi.






