Ijtimoiy tarmoqlarda metro vagoni eshigi ochiq holda harakatlanganiga aks etgan videolar tarqalgan. Ushbu holat 14 aprel kuni soat 12:53 atrofida “Alisher Navoiy” bekatida yuz bergan. Ma’lum qilinishicha, 34-sonli poyezdda yo‘lovchilar qabul qilingach, mashinist tomonidan eshiklarni yopish buyrug‘i berilgan, biroq uchinchi vagonning birinchi eshigi to‘liq yopilmagan.
Shunga qaramay, poyezd “O‘zbekiston” bekati tomonga harakatni davom ettirgan. Keyinchalik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida poyezd bekatda to‘xtatilib, barcha yo‘lovchilar tushirilgan va harakat tarkibi texnik ko‘rikka yuborilgan.
Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, mashinistga nisbatan qat’iy intizomiy chora ko‘rilishi belgilangan. Metropolitan ma’muriyati bunday holatlarning oldini olish uchun nazorat kuchaytirilishini ma’lum qilib, yo‘lovchilardan uzr so‘radi.






