DXX va bojxona xodimlari tomonidan Yuqori Chirchiq tumani hamda Yangiyo‘l shahrida “Alfa-PVP” moddasi bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi.
Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs va uning sherigi Yuqori Chirchiq tumanidagi dala maydonidagi xufiya joydan 2 kg 381 gr sintetik giyohvandlik vositasini olib ketayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, ushbu moddalar Telegram orqali faoliyat yurituvchi internet narkodo'kon orqali Rossiyadan olib kelingan.
Yangiyo‘l shahridagi holatda esa tijorat banklaridan birining ikki nafar xodimi 485 gr “Alfa-PVP”ni qabul qilib, uni tanishining uyida saqlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Ma’lum qilinishicha, yilning birinchi choragida noqonuniy aylanmadan yuz minglab dozalarga teng narkotik va psixotrop moddalar olib tashlangan.






