Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur Yaqin Sharqdagi vaziyatga bag'ishlangan Xavfsizlik Kengashi sessiyasida so‘zga chiqib, 10 oktyabrdan buyon kuchga kirgan tinchlik shartnomasi amalda bajarilmayotganini ta'kidladi. Bu haqda Zamon.uz nashri ma'lum qildi.
Uning aytishicha, G‘azoda har kuni 1000 kishi halok bo‘lishi yoki yaralanishi, har kuni 2 bolaning o‘limi va minglab odamlarning qiyin ahvolda qochqinlikda umr kechirishi “hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi”.
Mansur Isroilni falastinliklarning “yashash, ozodlik va tinchlikka erishish” huquqini qasddan cheklayotganlikda aybladi. U AQSh ma'muriyini o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilishining oldini olishga faol aralashishga chaqirdi.
Uning ta'kidlashicha, falastinliklar shubhalarga qaramay, AQSh Prezidenti Donald Trumpning tinchlik rejasini qabul qilgan, ammo Isroil hujumlarni qayta boshlash, yordam kirishini to‘xtatish va G‘azodagi bosqinni chuqurlashtirish orqali kelishuvni buzishga urinayotgan.
Mansur, shuningdek, G‘arbiy Sohil va Quddusda isroillik askarlar va ko‘chmanchi yahudiylar tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar, majburiy ko‘chirish va erlarni egallashni dарhol to‘xtatish zarurligini ta'kidladi.
U BMT Xavfsizlik Kengashini Isroil qamoqxonalaridagi minglab falastinlik tutqunlar ahvoliga befarqlikda aybladi. Mansur aytishicha, Sde Teiman qamoqxonasida falastinlik mahkumga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan videoning tarqalishi Isroilda “jinoyatning o‘zi emas, aynan videoning chiqishi”ni muhokamaga aylantirgan va ayrimlar hatto qo‘riqchilarni “qahramon” sifatida ko‘rgan.






