Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida aholi kechasi tarqaladigan nooddiy tutundan aziyat chekib kelayotgani, ya’ni mahallada tadbirkor avtomashina ballonlarini yoqib, cho‘chqalar uchun yemish tayyorlab kelgani haqida xabarlar tarqaldi.
Xabarlarga ko‘ra, tadbirkor 2 yil davomida bu yerda cho‘chqa boqib kelgan. Hayvonlarga ozuqa tayyorlash maqsadida kechasi mashina ballonlarini yoqqan. Biznes ombudsmanga xat bilan murojaat va tashkilot javob xatiga asosan, tadbirkorga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘riladi.
Tuman hokimligi Matbuot xizmatining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, korxona ushbu turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ekologiya organi va sanitariya-epidemiologiya markazidan ruxsat olmagan.
Kelib tushgan murojaatga asosan tuman hokimi tegishli mas’ullar hamrohligida ushbu hududda o‘rganish olib borgan.
O‘rganish davomida mazkur hududda chorva uchun yemish tayyorlash maqsadida avtomashina ballonlarini noqonuniy yoqib, havoga zararli moddalar tarqatgan holat aniqlandi.
“Mazkur qonunbuzarlik yuzasidan mas’ul xizmatlar tomonidan tezkor tarzda chora ko‘rilyapti. Voqea joyida to‘xtatuv chorasi ko‘rildi va tegishli shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy choralar qo‘llanishi belgilandi”, - deyiladi xabarda.






