AQSh Milliy xavfsizlik vaziri Kristi Noemning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar sayohat va immigratsiya cheklovlari joriy etilgan davlatlar sonini 30 dan oshiradi. Fox Newsga bergan intervyusida vazir bu borada aniq raqamni aytmagan bo‘lsa-da, prezident Donald Trump mamlakatlarni baholashda davom etayotgani, taqiq esa immigrantlar ham, non-immigrantlarga ham birdan tatbiq etilishi qayd etildi.
Noem yangi ro‘yxatga qaysi davlatlar qo‘shilishi haqida ochiqlik kiritmagan, ammo asosiy sabab sifatida hukumat barqarorligi past bo‘lgan, o‘z xavfsizligini ta’minlay olmaydigan mamlakatlar tilga olindi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Trump 12 davlat fuqarolarining AQShga kirishini to‘liq taqiqlovchi, yana 7 davlatga nisbatan esa cheklovlar o‘rnatgan farmonni imzolagan edi. Bu choralar “xorijiy terrorchilar” va boshqa xavfsizlik tahdidlariga qarshi himoya sifatida izohlangan.
So‘nggi haftalarda Oq uy yaqinida ikki Milliy gvardiyachining otib o‘ldirilishi oqibatida Trump ma’muriyati migratsiya qoidalarini yanada qat’iylashtirishga kirishdi. Shundan keyin prezident ayrim “uchinchi dunyo mamlakatlari”dan migratsiyani to‘xtatishini e’lon qilgan, 19 davlat fuqarolarining immigratsiya arizalarini ko‘rib chiqish esa vaqtincha to‘xtatilgan edi.






