Hujum oqibatida binoning yuqori qavatlari shikastlangan, ammo talafotlar qayd etilmadi.
Checheniston yetakchisi Telegramdagi murojiatida "Grozniy-Siti"dagi baland binolardan biriga dron hujumi amalga oshirilganini tasdiqladi. Uning aytishicha, bu Ukraina tomonidan tinch aholiga bosim o'tkazish va qo'rqitish urinishidir.
Qodirov bu harakatni "jang maydonidagi muvaffaqiyatsizlikni fuqarolik ob'ektlariga zarba berish orqali qoplashga urinish" deb baholadi va Ukraina "javobni uzoq kutmasligini" ta'kidladi.
5 dekabr kuni sodir bo'lgan hujum ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda aks etgan — zarba taxminan 28-qavatga to'g'ri kelgani, bir necha qavat fasadi vayron bo'lgani va yong'in chiqqani ko'rinadi.
Ma'lumot uchun, "Grozniy-Siti" majmuasi Grozniy markazida joylashgan yetti osmono'par binodan iborat bo'lib, balandligi 18–40 qavatgacha, eng baland minorasi 145 metrni tashkil qiladi. Majmua 2007–2011 yillarda qurilgan.






