Toshkent viloyati IIVB Farg‘onadan poytaxtga katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yetkazib, sotish bilan shug‘ullangan jinoyiy guruh faoliyati fosh etilganini ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1985 yilda tug‘ilgan ayol 750 ming so‘mlik dori vositasini nazoratdagi xaridorga 13 yoshli jiyani orqali yetkazayotganda ushlangan. Uning uyidan qiymati 20 mln so‘m bo‘lgan 162 dona dori vositalari topilgan.
Tadbir davom ettirilib, ayolni dorilar bilan ta’minlab kelgan ikki shaxs ham 23 mln so‘mga 278 dona kuchli ta’sir qiluvchi preparat sotish jarayonida ushlangan. Ulardan qo‘shimcha 67 dona dori vositalari aniqlandi.
Farg‘ona viloyatidagi davomiy tadbir chog‘ida dang‘aralik 39 yoshli ayol hamda qo‘qonlik 35 va 39 yoshli ikki erkak 44 mln so‘m evaziga 738 dona dori sotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Jami 1 343 dona, umumiy qiymati 150 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251 pirim 1 moddasi 4-qismi bilan ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, 6 nafar gumonlanuvchiga “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari davom etmoqda.






